“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida qurilish va loyihalashtirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish hamda qurilish obyektlari bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda tarmoqda barcha qurilish va burg‘ilash ishlarini tasdiqlangan loyihalar asosida amalga oshirish, normativ hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va sohada yagona yondashuvni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda “Neftgaz injiniring” MCHJ hamda Qurilish departamenti faoliyati tahlil qilinib, loyihachi, buyurtmachi va buyurtmachi xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni tashkil etishda qator kamchiliklar mavjudligi qayd etildi.
Ayrim obyektlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlash va ekspertiza xulosalarini olish ishlari belgilangan muddatlarda yakunlanmagani, topshiriqlar ijrosi ustidan nazorat yetarli darajada ta’minlanmagani, bu yo‘nalishda ega yo‘qligi keskin tanqid qilindi.

Shuningdek geologiya-qidiruv va geologik-texnik tadbirlar doirasida amalga oshirilgan xronometraj tahlillar natijalari ham ko‘rib chiqildi. Unda qator ish jarayonlarini optimallashtirish, vaqt va xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar mavjudligi aniqlanganiga asosiy etibor qaratildi. Shu bilan birga, ayrim obyektlarda loyihada ko‘zda tutilmagan mexanizmlardan foydalanish, texnologiya talablariga rioya etmaslik holatlari kuzatilgani etirozlarga sabab bo‘ldi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qurilish va loyihalashtirish sohasida ijro intizomini kuchaytirish, loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan muddatlarda tayyorlash va ekspertizadan o‘tkazish, shartnomalarni rasmiylashtirishdagi muammolarni bartaraf etish hamda har bir obyekt bo‘yicha natijadorlikni ta’minlash yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq vazifalar va muddatli topshiriqlar berildi.
"O’zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati