“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruhning Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi o‘rganishlari ikkinchi kuni ham ishlab chiqarish obyektlarida davom etdi.

Dastlab Uchsoy ishchilar shaharchasida barpo etilayotgan yangi yotoqxona va "Uch avlod" stellasining qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Loyihalarni o‘z vaqtida yakunlash, qurilish sur’atlarini oshirish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Keyingi manzil "Shimoliy Berdaq" konida qurilayotgan kichik kompressor stansiyasi bo‘ldi. Obyektdagi ishlar holati atroflicha o‘rganilib, qurilishni qisqa muddatlarda yakunlash va foydalanishga topshirish bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Shundan so‘ng "Mo‘ynoq" konidagi 9-sonli quduqda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Quduqda ishlar reja asosida olib borilayotgani qayd etilib, uni foydalanishga topshirish muddatlarini yanada tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kun yakunida shtab yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda amalga oshirilgan geologik-texnik tadbirlar, quduqlarni ta’mirlash ishlari va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, loyihalashtirish yo‘nalishida joriy yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida rejalashtirilgan barcha loyihalashtirish ishlarini joriy yilning 1-sentyabriga qadar yakunlash hamda 2027-yilda amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirish va rejalashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Mazkur o‘rganishlar Ustyurt hududida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z vaqtida ishga tushirish, mavjud obyektlar samaradorligini oshirish va istiqbolli investitsiya loyihalarini sifatli tayyorlashga xizmat qiladi.

"O'zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati