“Uzbekistan GTL” MChJda “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, korxona direktori hamda yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi hamda kibermadaniyat bo‘yicha trening tashkil etildi.
Ochiq muloqot formatida o‘tgan uchrashuv davomida yoshlar ilmiy faoliyatni rivojlantirish, korxonalar o‘rtasida tajriba almashish, ishlab chiqarish obyektlariga ekskursiyalar uyushtirish, malaka oshirish dasturlarini kengaytirish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, yoshlarning korxona hayotidagi ishtirokini yanada faollashtirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
Tadbirning ikkinchi qismida kibermadaniyatni shakllantirishga bag‘ishlangan amaliy trening o‘tkazildi. Unda zamonaviy axborot makonida uchrayotgan kiberxavflar, kiberhujumlardan himoyalanish usullari, shaxsiy va korporativ ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash hamda sun’iy intellekt asosidagi raqamli texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
"O’zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati