O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi barcha korxona va tashkilotlarda davlat ramzlarining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, xodimlarda Vatanga sadoqat va yuksak fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Muloqotlarda Davlat gerbining yaratilish tarixi, unda mujassam etilgan ramzlarning mazmun-mohiyati hamda ularning xalqimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari, tinchlik, mehnatsevarlik va farovonlikka bo‘lgan ezgu intilishlarini ifoda etishi haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Shuningdek, davlat ramzlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning tarixiy va huquqiy ahamiyatini chuqur anglash, milliy qadriyatlarga sodiqlik, Vatanga muhabbat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, yosh xodimlar o‘rtasida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirishga qaratilgan muloqotlar va ma’rifiy chiqishlar tashkil etildi.

Bu kabi tadbirlar xodimlarning davlat ramzlariga bo‘lgan hurmati va ehtiromini yanada yuksaltirish, milliy qadriyatlarga sodiqlikni mustahkamlash hamda Vatan ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyat hissini oshirishga xizmat qildi.

"O'zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati