O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi hamda 2-iyul — O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan "Navoiy neft bazasi" MChJda ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda "O‘zbekneftgaz" AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarning ma'naviyat yo‘nalishi bo‘yicha mas'ul xodimlari, Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi rahbari, Ma'naviyat targ‘ibotchilari jamiyati a'zosi Akrom Muqimov, Navoiy davlat universiteti rektori hamda Qatag‘on qurbonlari muzeyi rahbari Xurshid Qurbonov, shuningdek, "Navoiy neft bazasi" MChJ mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi maslahatchisi Yulduz Adilova so‘zga chiqib, mustaqillik yillarida mamlakatimizda, xususan, neft-gaz tarmog‘ida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, sohaning zamonaviy rivojlanish bosqichlari hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishilayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi xalqimizning tarixiy merosi, milliy qadriyatlari, tinchlik, mehnatsevarlik va farovonlik kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan muqaddas davlat ramzi ekanini alohida ta'kidlab, davlat ramzlarini ulug‘lash va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish har bir fuqaroning yuksak fuqarolik burchi ekanligini qayd etdilar.

Ma'naviy-ma'rifiy tadbir doirasida "Siz gerbni bilasizmi?" shiori ostida intellektual savol-javoblar tanlovi ham tashkil etildi. Ishtirokchilar davlat ramzlari va mamlakatimiz mustaqilligi tarixiga oid savollarga faol javob berib, bilim va zukkoliklarini namoyon etdilar. G‘olib va faol qatnashchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar Navoiy shahridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrif buyurib, istiqlol yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimizning hayoti va faoliyati, ularning Vatan ozodligi yo‘lidagi jasorati hamda muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu tashrif ishtirokchilarda tarixiy xotira, milliy g‘urur va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

"O'zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati